JKning 295-moddasi 1-qismi muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga shaxsiy foydalanishga berilgan harbiy anjomlarni behuda sarflaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Kiyim-kechak va anjomlar ofitserlar tarkibida boʻlgan shaxslarga va harbiy xizmatni kontrakt (shartnoma) asosida oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga shaxsiy mulk sifatida beriladi. Shuning uchun ham bu shaxslar tomonidan ushbu ashyolarning kimgadir berib yuborilishi, yoʻqotilishi yoki ularga shikast yetkazilishi uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Muddatli xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga, ofitserlarga va harbiy xizmatni kontrakt (shartnoma) asosida oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga inventar sifatida berilgan anjomlar harbiy qismning mulki hisoblanadi. Ularning birovlarga oʻtkazilishi behuda sarflash jinoyatining emas, davlat mulkini talon-toroj qilish jinoyatining tarkibini tashkil qiladi.