Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 54-band. Harbiy mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazishning atrofdagilar uchun xavfli…

Harbiy mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazishning atrofdagilar uchun xavfli usulda sodir etilishi (yoqish yoki choʻktirib yuborish va hokazolar) JKning 296-moddasi bilan qamrab olinadi va kodeksning 173-moddasi bilan qoʻshimcha tavsiflashni talab etmaydi. Harbiy mulkni qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazish baʼzida shikastlangan mulkning qandaydir qismini oʻgʻirlash bilan birga sodir etiladi. Mazkur harakatlar mulkni qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazish va davlat mulkini oʻgʻirlash sifatida jinoyatlar majmui bilan tavsiflanishi lozim. JKning 296-moddasida koʻrsatilgan jinoyat toʻgʻri yoki egri qasd shaklida sodir etiladi. Bunday paytda aybdor shaxs mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazishni maqsad qilib qoʻyadi yoki bunday oqibatlarning kelib chiqishiga bila-turib yoʻl qoʻyadi. Aybdor boshqa biror mulkni emas, balki aynan harbiy mulkni nobud qilayotganini yoki unga shikast yetkazayotganini anglaydi. Agar shaxs oʻz harakati bilan harbiy mulkni yoʻq qilyapman deb oʻylasa-yu, haqiqatda esa mulk harbiy boʻlmasa, qilmish harbiy mulkni nobud qilishga suiqasd deb baholanishi lozim. Jinoyatning haqiqiy sababini (motivini) aniqlash katta ahamiyatga ega. Agar harbiy mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazish Oʻzbekiston Respublikasiga ziyon yetkazish maqsadida sodir etilgan boʻlsa, bunday harakatlar davlatga qarshi jinoyat — diversiya (JKning 161-moddasi )ni tashkil etadi.