Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 56-band. Hokimiyatni yoki xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish — boshliq yoki boshqa mansabdor…

Hokimiyatni yoki xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish — boshliq yoki boshqa mansabdor shaxsning qasddan oʻz xizmat mavqeyidan harbiy xizmat manfaatlariga zid maqsadlarda foydalanishidir. Hokimiyatni yoki xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish mansabdor shaxs tomonidan uning oʻz vakolatlarini buzishida ifodalanishi mumkin, ammo bu harakatlar aybdor zimmasiga xizmat yuzasidan yuklatilgan u yoki bu muayyan huquq va majburiyatlarning buzilishi bilan bogʻliq boʻlmasligi ham mumkin. Biroq, barcha hollarda ham shaxs mazkur xatti-harakatlarni, faqat oʻzi egallab turgan xizmat mavqeyiga koʻra sodir etgan boʻlishi va bu xatti-harakatlar oʻz mohiyatiga koʻra xizmat burchiga zid boʻlishi shart. Xizmat manfaatlariga xilof ravishda sodir etilgan deb, xizmat zarurati taqozo etmagan, xizmat burchi va mansab majburiyatlarini buzadigan, qonunlar, harbiy nizomlar va qoʻmondonlik buyruqlariga zid boʻlgan xatti — harakatlar tushunilishi lozim. Bunda xizmat boʻyicha yuklatilgan majburiyatlarning mansabdor shaxs tomonidan buzilishini, unga berilgan huquqlarning suiisteʼmol qilinishini, oʻz faoliyatida qonun talablaridan chetga chiqilishini maqsadga muvofiqlik yoki xizmat zaruriyati tufayli qilingan deb oqlab boʻlmaydi.