Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 58-band. Hokimiyat harakatsizligi — boshliq oʻz harbiy xizmat majburiyatlariga koʻra sodir qilishi…

Hokimiyat harakatsizligi — boshliq oʻz harbiy xizmat majburiyatlariga koʻra sodir qilishi lozim boʻlgan harakatlarni qasddan bajarmaganligida ifodalanadi. Harbiy nizomlar, har bir boshliq oʻziga berilgan hokimiyatdan harbiy xizmat manfaatlari, unga ishonib topshirilgan qism (boʻlinma)ning jangovar salohiyatini oshirish, tartib va intizomga qatʼiy amal qilish yoʻlida toʻliq foydalanishi kerakligini talab etadi. Boshliqning jinoiy harakatsizligi, muayyan sharoitda ijtimoiy xavfli oqibatlarning oldini olish uchun qoʻllashi lozim boʻlgan choralarni qoʻllamasligi harbiy xizmatga katta ziyon yetkazishi mumkin. Agar boʻlinma qoʻmondoni oʻziga tobe shaxs boʻlinma mulkini tashish paytida jangovar oʻqlarni oʻgʻirlab, begona shaxsga sotayotganligini koʻra turib, buning oldini olmasa, bu qoʻmondon jinoiy harakatsizlik uchun javobgarlikka tortilishi kerak. Boshliqning tobe shaxslarga nisbatan ularning ustavga zid harakatlariga barham berish uchun chora koʻrmasligi ham hokimiyat harakatsizligi deb baholanishi lozim. Hokimiyat harakatsizligi — qasddan qilinadigan xatti-harakat boʻlib, u aynan shu bilan xizmatga sovuqqonlik bilan qarashdan farq qiladi. Hokimiyat harakatsizligi hokimiyat vakolatini suiisteʼmol qilishdan shunisi bilan farq qiladiki, bu jinoyat boshliq faqat hokimiyat vakolati doirasida va faqat xizmat vazifasiga koʻra qilishi shart boʻlgan harakatni sodir etmasligi shaklida boʻlishi mumkin. Shuning uchun ham har bir holda bajarilmay qolgan harakatlarni sodir etish mazkur mansabdor shaxsning vakolatiga kirish-kirmasligi va buning uchun unda yetarli imkoniyat boʻlgan-boʻlmaganligi aniqlanishi zarur.