Harbiy xizmatni oʻtash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 61-band. Sudlar jazo tayinlashda alohida yondoshuv toʻgʻrisidagi qonun talabiga qatʼiy rioya…

Sudlar jazo tayinlashda alohida yondoshuv toʻgʻrisidagi qonun talabiga qatʼiy rioya qilishlari, uni har doim sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatidan, harbiy xizmatchining shaxsi hamda jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlardan kelib chiqqan holda qoʻllashlari shart. Sudlarga tushuntirilsinki, sudlanuvchiga jazo turini tayinlash paytida uni hukm chiqarilgunga qadar belgilangan tartibda harbiy xizmatdan boʻshatilganligini va shaxsini hisobga olib, unga nisbatan qonunda belgilangan tartibda majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash jazosini qoʻllash huquqiga ega. Uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni tayinlash paytida, sud ishning holatlari va sudlanganning shaxsini inobatga olib, muddatli xizmat harbiy xizmatchilariga intizomiy qismga yuborish, JKning 47-moddasida koʻrsatilgan harbiy xizmatchilarga esa, ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat yoki ogʻir oqibatlarni keltirib chiqarmagan ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat uchun xizmat boʻyicha cheklash jazolarini qoʻllash huquqiga ega. Ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etgan harbiy yoki maxsus unvonga ega boʻlgan shaxslarga doir ishlarni koʻrishda sud har doim JKning 52-moddasiga asosan ularni bunday unvondan mahrum qilish masalasini muhokama qilishi shart.