Umumiy qoidaga koʻra, ish boʻyicha sud xarajatlarini nizoda nohaq boʻlib chiqqan taraf toʻlaydi. Sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlash va ularni davlat foydasiga undirish IPK 118-moddasi bilan tartibga solinadi. Shu sababli sud muhokamasi jarayonida sud (sudya) sud xarajatlari bilan bogʻliq holatlarni tekshirishi, bu holatlar boʻyicha hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida tegishli xulosalar qilishi va, nafaqat undiruvga boʻlgan huquqni, balki ish boʻyicha tarafdan (taraflardan) undirilishi lozim boʻlgan aniq summani belgilashi hamda shu summani hal qiluv qarorining (ajrimning, qarorning) xulosa qismida koʻrsatishi lozim. 16.1. Shuni nazarda tutish lozimki, Oliy sudning sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni oʻrganish davomida yuridik ahamiyatga molik boʻlgan bir qator harakatlarni amalga oshiradi. Shunga koʻra, agar, davlat boji oldindan toʻlanmagan boʻlsa, taftish tartibidagi shikoyat Oliy sudning Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazish rad etilganda davlat boji umumiy asoslarda undirilishi lozim.