Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 96-moddasiga binoan mulkiy huquqlarni belgilangan shaklga va majburiy rekvizitlarga amal qilgan holda tasdiqlovchi hujjatlar qimmatli qogʻozlar hisoblanib, ularni taqdim etgan taqdirdagina mazkur huquqlarni amalga oshirish yoki boshqa shaxslarga berish mumkin boʻladi. Qimmatli qogʻozlar qatoriga, jumladan, obligatsiya, veksel, chek, depozit va jamgʻarma sertifikatlari, konosament, aksiya hamda qonun hujjatlari bilan qimmatli qogʻozlar jumlasiga kiritilgan boshqa hujjatlar kiradi. Qimmatli qogʻozlarni tekinga olib qoʻyish va oʻzlashtirish oʻzganing mulkini talon-toroj qilish tariqasida tavsiflanishi kerak. Agar ish boʻyicha qimmatli qogʻozlarni chiqarish va ular bilan muomala qilishni tartibga soluvchi amaldagi qonunlarni buzganlik aniqlanib, Jinoyat kodeksining 192¹¹-moddasi yoki 205-moddasi dispozitsiyalarida koʻrsatilgan belgilar mavjud boʻlganda, bunday harakatlar hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish tariqasida tavsiflanishi lozim. Bunday qonun buzishlar jumlasiga, masalan, fuqarolarga va chet ellik investorlarga erkin sotish uchun moʻljallangan aksiya paketlarini sotishga toʻsqinlik qilish kiritilishi mumkin. Qalbaki pul yoki qimmatli qogʻozlarni oʻtkazish maqsadida yasash yoki oʻtkazish Jinoyat kodeksining 176-moddasi bilan tavsiflanishi lozim.