Tovlamachilik (reket) nafaqat fuqarolarning, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini qoʻpol buzuvchi, balki iqtisodiyot sohasida ham katta zarar keltiruvchi jinoyat boʻlib, jiddiy ijtimoiy xavf tugʻdirishi sudlarga koʻrsatilsin. Shu bilan birga, qonunga binoan (JKning 165-moddasi ) tovlamachilik oʻzganing mulkini yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yoʻsindagi harakatlar sodir etishni taqozo qilishini sudlar eʼtiborga olishlari kerak. Shu sababli, qarzdordan qarzni talab qilish Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan tavsiflanishi mumkin emas, lekin ayrim hollarda oʻzboshimchalik (JKning 229-moddasi ) tariqasida baholanishi lozim. Qarzdor va qarz beruvchi oʻrtasida foizlar toʻlash boʻyicha oldindan kelishuv boʻlmagan boʻlsa berilgan qarz uchun foiz talab qilish tovlamachilik jinoyati tarkibini tashkil qiladi.