Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar boʻyicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar toʻgʻrisida 28-band. Mansab vakolati doirasidan chetga chiqishning (JKning 206-moddasi ) asosiy koʻrinishlari…

Mansab vakolati doirasidan chetga chiqishning (JKning 206-moddasi ) asosiy koʻrinishlari deganda: mansabdor shaxs tomonidan boshqa shaxsning vakolati doirasiga kiruvchi harakatlarning sodir etilishi; mansabdor shaxs tomonidan faqat qonunda yoki qonun osti hujjatida koʻrsatilgan alohida holatlar mavjud boʻlgandagina sodir etilishi mumkin boʻlgan harakatlarning sodir etilishi; kollegial organ vakolatiga kiruvchi harakatni mansabdor shaxs tomonidan yakka tartibda sodir etilishi; hech kim va hech qanday holatda amalga oshirishga haqi boʻlmagan harakatlarning mansabdor shaxs tomonidan sodir etilishi va boshqalar hisoblanmogʻi lozim.