Amaldagi jinoyat qonunlariga binoan, oʻzganing mulkini talon-toroj qilish mulkka tajovuz qilishning eng xavflisi hisoblanadi. Mansab vazifalari yoxud shartnomaviy munosabatlarga koʻra, oʻzganing mulkini tasarruf qilish, boshqarish, yetkazib berish yoki saqlash boʻyicha qonuniy vakolatlarni amalga oshiruvchi shaxsning mazkur mulkni qonunga xilof ravishda tekinga oʻzining mulkiga yoki boshqa shaxsning mulkiga aylantirishi aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida boʻlgan oʻzganing mulkini oʻzlashtirish yoki rastrata qilish deb (JKning 167-moddasi ) tavsiflanishi lozim. Yuqorida koʻrsatilgan qonuniy vakolatlarga ega boʻlmagan, ammo topshirilgan ishni yoxud xizmat vazifalarini bajarishi tufayli mulk saqlanadigan joyga kirish huquqiga ega boʻlgan shaxs tomonidan oʻzganing mulkini talon-toroj qilinishi oʻgʻrilik deb tavsiflanishi kerak.