Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasiga muvofiq mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish boʻyicha subyektiv huquq — faqat shu mulkning egasiga taalluqli ekanligi sudlarga tushuntirilsin. Shuning uchun mulkiy huquqni amalga oshirishga qonunga asoslanmagan holda har qanday aralashish ushbu huquqni jiddiy buzish deb hisoblanadi. Masalan, fermerning, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan boshqa shaxsning, boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslarning mulklarini qonunga xilof ravishda tasarruf qilishda ifodalangan mansabdor shaxslarning harakatlari, shunday harakatlar sodir etganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan paytdan boshlab bir yil mobaynida takroran sodir etilgan boʻlsa, Jinoyat kodeksi 192¹-moddasida nazarda tutilgan — xususiy mulk huquqini buzish jinoyati alomatlarini tashkil etadi. Bu oʻrinda mulkiga nisbatan noqonuniy harakat qilingan mulkning egasida aybdordan moddiy zararni, shu jumladan, boy berilgan foydani ham, shuningdek, maʼnaviy ziyonni undirib olish huquqi paydo boʻladi. Aybdor shaxs harakatlarida Jinoyat kodeksi 192¹-moddasining ikkinchi yoki uchinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud boʻlganda, jinoiy javobgarlik unga nisbatan muqaddam maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan qatʼiy nazar, kelib chiqadi.