Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar boʻyicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar toʻgʻrisida 7-band. Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan nazorat ishlarini amalga oshiruvchi mansabdor…

Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan nazorat ishlarini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning doirasi qatʼiy chegaralanganligiga, mulk shaklidan qatʼi nazar, yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyatini tekshirish tartibi aniq belgilab qoʻyilganligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin. Ushbu qonun meʼyorlari mulkdorlar faoliyatiga ularning erkinligini cheklovchi, asossiz aralashuvni bartaraf qilishga qaratilgan. Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunida mulkdorning manfaatlarini noqonuniy aralashuvdan himoya qiluvchi huquqiy kafolatlar mavjud. Shu sababli sudlar bu masala boʻyicha qonunlarning buzilishiga lozim darajada oʻz munosabatlarini bildirishlari kerak. Bunday aralashuvning gʻaraz yoki past niyatda ekanligi aniqlangan taqdirda aybdorlarning harakatlari Jinoyat kodeksining tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilish, noqonuniy aralashish bilan bogʻliq va tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzishga qaratilgan jinoyatlar, shuningdek boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari bilan tavsiflanmogʻi lozim. Shuningdek, sud protsessning tegishli ishtirokchisiga aybdordan, masalan, uning faoliyatiga noqonuniy aralashuv natijasida ishlab chiqarishning toʻxtaganligi sababli kelib chiqqan barcha zararlarni undirib olish huquqini tushuntirishi lozim.