Jinoyat ishlari boʻyicha protsessual chiqimlarni undirish amaliyoti toʻgʻrisida 2-band. Tushuntirilsinki, Jinoyat protsessual kodeksining 318-moddasiga muvofiq jinoyat ishlari…

Tushuntirilsinki, Jinoyat protsessual kodeksining 318-moddasiga muvofiq jinoyat ishlari boʻyicha protsessual chiqimlar quyidagilardan iborat: jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga, xolislarga ularning protsessual harakatlar oʻtkaziladigan joyga kelib ketish, turar joyni ijaraga olish xarajatlarini qoplash uchun, shuningdek, sutkalik xarajat puli tariqasida beriladigan summadan; doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, xolislarga ularni odatdagi mashgʻulotidan chalgʻitganlik uchun toʻlanadigan summadan; ekspertlarga, tarjimonlarga, mutaxassislarga ular surishtiruv, dastlabki tergov yoki sudda oʻz vazifalarini bajarganligi uchun toʻlanadigan haqdan, ana shu vazifalar xizmat topshirigʻi tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno; ushbu Kodeksning 50-moddasiga muvofiq sudlanuvchi toʻlovdan ozod qilingan taqdirda yuridik yordam koʻrsatganlik uchun himoyachiga toʻlanadigan haqdan; ashyoviy dalillarni saqlash va joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlar summasidan; ekspertiza muassasalarida ekspertiza oʻtkazish uchun sarflangan summadan; shaxslarni ushlash, majburiy keltirish va qidirish uchun qilingan xarajatlardan; surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud majlisini videokonferensaloqadan foydalangan holda oʻtkazish chogʻida qilingan xarajatlardan; jinoyat ishini yuritishda qilingan boshqa xarajatlardan.