Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JPK 320-moddasi birinchi qismiga muvofiq jinoyat ishini tergov qilish va sudda koʻrishda sarf qilingan chiqimlar davlat foydasiga mahkumlardan (shu jumladan, jazodan ozod qilingan yoki jazo tayinlanmagan holda ayblov hukmi chiqarilganda ham) undiriladi, tarjimonga toʻlangan summalar, shuningdek JPK 320-moddasi oltinchi , yettinchi va sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Protsessual chiqimlar, shuningdek, yarashuv amnistiya akti yoki tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilishi munosabati bilan jinoyat ishi tugatilgan shaxslar zimmasiga ham yuklanishi mumkin. Agar ish boʻyicha bir necha shaxs aybdor deb topilgan boʻlsa, protsessual chiqimlar ulardan solidar emas, balki ulardan har birining aybi xarakteri, sodir etilgan jinoyat uchun javobgarligi darajasi va mulkiy ahvolini hisobga olgan holda hissali tartibda undiriladi.