Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda yoki uy qamogʻida saqlanayotgan va apellyatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish istagini bildirgan mahkumning ishtirokini taʼminlash ushbu sudning majburiyati hisoblanadi. Shuning uchun jinoyat ishi kelib tushgandan soʻng mahkumning apellyatsiya instansiyasi sudida ishtirok etish istagini bildirgan yoki bildirmaganligi aniqlanishi va natijasiga qarab, uni sud majlisida bevosita yoki videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali ishtirok etish huquqi taʼminlanadi. Qoʻllanilgan ehtiyot chorasi turidan qatʼiy nazar, mahkumning apellyatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish huquqidan mahrum etilishi jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi deb baholanadi va sud ajrimining bekor boʻlishiga asos boʻladi. Mahkum (oqlangan shaxs)ning kassatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish masalasini hal etish sudning huquqiga tegishlidir. Shuning uchun jinoyat ishi kelib tushgandan soʻng mahkum (oqlangan shaxs)ning kassatsiya instansiyasi sudida ishtirok etishiga zarurat borligi aniqlanishi va natijasiga qarab, uning sud majlisida bevosita yoxud videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali ishtirok etishi choralari koʻrilishi lozim.