Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari majlisida ishtirok etish huquqiga ega shaxslar doirasi qonunda belgilangan (JPK 479-moddasining toʻrtinchi qismi). Ishning koʻrilish joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor etilgan shaxslarning uzrli sabablarsiz sud majlisiga kelmasligi uni koʻrish uchun toʻsiq boʻlmaydi. Ayni paytda, qonunga koʻra apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarida prokurorning ishtiroki shart boʻlib, bunday holda JPK 25-moddasining birinchi qismi hamda 51-moddasi birinchi qismining 6 , 9-bandlari mazmunidan kelib chiqib, ushbu instansiyada himoyachining ishtiroki ham taʼminlanishi shart. Shu sababli prokuror yoki himoyachi kelmagan hollarda ishning muhokamasi keyinga qoldirilishi kerak.