Jinoyat ishlarini apellyatsiya, kassatsiya tartibida koʻrish amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 23-band. JPK 485-moddasida hukm, ajrimni bekor qilinishi va oʻzgartirilishi uchun umumiy asoslar…

JPK 485-moddasida hukm, ajrimni bekor qilinishi va oʻzgartirilishi uchun umumiy asoslar belgilangan boʻlib, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ularni ishning muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda qoʻllashi mumkin. Hukm quyidagi hollarda oʻzgartirilishi shart, agar: sud tergovi toʻliq boʻlmasa yoki bir yoqlama olib borilgan boʻlib, biroq yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar toʻldirilganidan soʻng apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari jinoyat kvalifikatsiyasi oʻzgartirilishi zarurligi haqida xulosaga kelsa; hukmda bayon qilingan sud xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq boʻlmay, biroq apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari ularga, shu jumladan, mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmagan holda tegishli baho bera olsa; ish boʻyicha JPK normalari buzilgan boʻlib, ularning apellyatsiya, kassatsiya instansiyasida bartaraf etilishi hukmning oʻzgartirilishiga olib kelsa; sud tomonidan JK normalari notoʻgʻri qoʻllanilgan boʻlib, biroq apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari bu xatoni, shu jumladan, mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmagan holda tuzatishi mumkin boʻlsa; apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari tayinlangan jazo yengillashtirilishi lozim deb hisoblasa.