Jinoyat ishlarini apellyatsiya, kassatsiya tartibida koʻrish amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 24-band. Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari hukmni oʻzgartirish uchun asoslar mavjud…

Apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari hukmni oʻzgartirish uchun asoslar mavjud boʻlganda quyidagilarga haqli: qilmishni JK boshqa moddasiga (bir necha modda yoki qismlariga) qayta kvalifikatsiya qilishga; hukmdan ayblovning bir qismini (ayrim epizodlarini) yoki mahkumning javobgarligini ogʻirlashtiruvchi belgilarni chiqarishga; hukmdan jinoyatlarning ideal majmui tariqasida qilmishni notoʻgʻri baholash tufayli ortiqcha eʼlon qilingan JK moddasini chiqarishga; JK 70 — 72 , 87-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, mahkumni jazodan ozod qilishga; jazo miqdorini oʻzgartirib, JK Maxsus qismi moddasi sanksiyasi doirasida yengilroq yoxud JK 57-moddasini qoʻllagan holda jazo tayinlashga; jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplash miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirishga, shuningdek, ushbu masala birinchi instansiya sudi tomonidan hal etilmagan hollarda, bunday zararni qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga; mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topishga yoki hukmdan uni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi qarorni chiqarishga; mahkumga nisbatan jazoni ijro etish koloniyasining boshqa, shu jumladan, qattiqroq turini belgilashga; JK 96-moddasiga muvofiq mahkumga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashga; ashyoviy dalillar, protsessual chiqimlar toʻgʻrisidagi masalalarni va boshqa masalalarni hal etishga.