Jinoyat-protsessual qonuni normalarining hukm soʻzsiz bekor qilinishiga sabab boʻladigan darajada jiddiy buzilishi tushunchasi JPK 488-moddasida belgilangan. Bunday qonun buzilishi aniqlaganda, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari jinoyat ishi kimning shikoyati (protesti)ga koʻra, koʻrilayotganligidan qatʼiy nazar, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi daxl etgan barcha mahkumlarga nisbatan hukmni bekor qilishi shart. Shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat-protsessual qonuni normalari jiddiy buzilganligining aniqlanishi apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlarini shikoyat, protestda keltirilgan boshqa vajlarni ham (ayblovning isbotlanganligi, kvalifikatsiyaning toʻgʻriligi, jazoning adolatliligi toʻgʻrisida va h.k.) mazmunan koʻrib chiqish va ular boʻyicha ajrimda tegishli xulosa chiqarish majburiyatidan ozod etmaydi. Jinoyat ishi boʻyicha yoʻl qoʻyilgan JPK ning jiddiy buzilishi hollari apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan hukm bekor qilinib, yangi hukm (ayblov yoki oqlov hukmi) chiqarilishiga yoki ishning JPK 84-moddasiga muvofiq tugatilishiga toʻsqinlik qilmaydi.