Apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma sud majlisida JPK 497⁵-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi va bu haqda ajrim chiqariladi. Oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan JPK 497¹¹ moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq oʻn kun ichida xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin. Oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat (protest) berilganda, apellyatsiya instansiyasi sudi xususiy shikoyatni (protestni) asosli deb topsa, birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilib, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklaydi (bunda muddatni oʻtkazib yuborishning sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablari ajrimda koʻrsatilishi kerak) va ishni apellyatsiya shikoyati, protesti (xususiy shikoyat yoki xususiy protest) boʻyicha mazmunan koʻradi. Bunda, koʻrsatilgan muddatni tiklash toʻgʻrisidagi ajrim eʼlon qilingandan soʻng apellyatsiya instansiyasi sudining majlisi JPK 479-moddasi talablarini bajarish uchun keyinga qoldiriladi. Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual harakatni amalga oshirishga obyektiv toʻsqinlik qiluvchi holatlar uzrli sabablar deb topilishi mumkin (masalan, favqulodda holatlar, suv toshqinlari, epidemiyalar, pandemiya, karantin). Shaxsning kasalligi, oilaviy ahvoli (oila aʼzolarining oʻlimi yoki ogʻir kasalligi), shuningdek, boshqa holatlar, agar ular qonunda belgilangan muddatda apellyatsiya shikoyati berishni istisno etgan yoxud jiddiy tarzda qiyinlashtirgan boʻlsa, uzrli holatlar deb topilishi mumkin.