Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, ishning barcha holatlari sinchkovlik bilan, har tomonlama, toʻliq, xolisona tekshirilishini taʼminlash va haqiqatni aniqlash maqsadida qonun sud majlisida raislik qiluvchiga sud muhokamasini tashkil etish boʻyicha muayyan vakolatlar yuklatadi. Sud majlisida raislik qiluvchi butun sud muhokamasi davomida jinoyat protsessining, sud ayblov yoki himoya tarafida boʻlmasligi va ularning hech qanday manfaatlarini ifodalamasligi, balki xolislik va begʻarazlikni saqlagan holda, taraflar oʻz protsessual majburiyatlarini bajarishlari va berilgan huquqlarini amalga oshirishlari uchun zarur shart-sharoit yaratib berishini nazarda tutuvchi muhim prinsipini taʼminlashi shart.