Tushuntirilsinki, JPK 395 va 405¹¹-moddalari mazmuniga koʻra, jinoyat ishi boʻyicha dastlabki eshituv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma ayblanuvchi tomonidan ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasining koʻchirma nusxasi olingan kundan eʼtiboran uch sutka ichida berilishi mumkin. Bunday huquqi borligi toʻgʻrisida ayblanuvchiga prokuror tomonidan ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasining koʻchirma nusxasi topshirilayotgan paytda tushuntiriladi. Sudya ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasining koʻchirma nusxasi ayblanuvchi tomonidan olingan kundan eʼtiboran uch sutka oʻtgandan soʻng berilgan dastlabki eshituv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani, basharti iltimosnoma berish muddati oʻtkazib yuborilishi sabablari uzrli emas deb topilsa, rad etishga haqli. Jinoyat ishi sud muhokamasiga tayinlangandan soʻng dastlabki eshituv oʻtkazish toʻgʻrisida berilgan iltimosnoma ham rad etilishi lozim.