Jinoyat ishini JPK 405¹²-moddasi birinchi qismining 5-bandida nazarda tutilgan asoslarga koʻra prokurorga yuborishda sudya oʻz ajrimida ayblanuvchining, oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash toʻgʻrisida ish yuritilayotgan shaxsning xatti-harakatlarini ogʻirroq jinoyat, ijtimoiy xavfli qilmish sifatida tavsiflash uchun asos boʻlgan holatlarni koʻrsatishi shart. Ayni paytda, sudya ajrimda quyidagilarni koʻrsatishga haqli emas: jinoyatni yoki ijtimoiy xavfli qilmishni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining muayyan qaysi moddasi bilan kvalifikatsiya qilish lozimligini; dalillarni baholash va ayblanuvchining aybdorligi toʻgʻrisida xulosa qilishga. Sudya jinoyat ishini prokurorga yuborishda barcha hollarda ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi toʻgʻrisidagi, zarurat boʻlganda esa, uni qamoqda saqlash muddatini JPK 245-moddasida nazarda tutilgan muddatlarni inobatga olgan holda uzaytirish toʻgʻrisidagi masalani hal etishi shart.