Jinoyat ishlarini nazorat tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 1-band. Tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi (bundan buyon…

Tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi (bundan buyon matnda JPK deb yuritiladi) 510-moddasiga muvofiq sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi, qarori ustidan shikoyat berish huquqi sud ishini yuritishda ayblov tomoni (prokuror, jabrlanuvchi yoki uning vakili, fuqaroviy daʼvogar yoki uning vakili) va himoya tomoni (ayblilik toʻgʻrisidagi masala hal qilinmay turib, jinoyat ishi tugatilgan shaxs, mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi yoki qonuniy vakili, fuqaroviy javobgar yoki uning vakili) ishtirokchisiga berilgan. Sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida shikoyat berish huquqi, shuningdek mazkur qarorlar huquqlari yoki qonuniy manfaatlariga daxl etgan boshqa shaxslarda ham mavjud. Bunday shaxslar jumlasiga, masalan, garov beruvchi yoki daʼvoni yoxud hukm ijrosini taʼminlash maqsadida mol-mulki xatlangan shaxs kiradi. Fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari sud hujjatlarining faqat fuqaroviy daʼvoga oid qismi ustidan shikoyat berishga haqli. Oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili hukmning oqlov sabablari va asoslariga oid qismi ustidan shikoyat berishga haqli. Qonunda boshqa shaxslarga sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida shikoyat berish huquqi berilmagan.