JPK 482-moddasiga muvofiq nazorat instansiyasi sudi shikoyat (protest)da bayon etilgan vajlar bilangina chegaralanmasdan, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini toʻla hajmda (taftish tartibida) tekshirishga majbur. Ish boʻyicha bir necha mahkum (oqlangan shaxs) oʻtgan boʻlib, ulardan ayrimlariga nisbatan shikoyat (protest) berilgan hollarda nazorat instansiyasi sudida ish barcha mahkumlarga (oqlangan shaxslarga) nisbatan tekshiriladi. Agar shikoyat bermagan yoki (protest) bildirilmagan shaxslarga nisbatan sud qarorlarini ularning ahvolini yengillashtiruvchi tomonga bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asoslar borligi aniqlansa, sud tegishli qaror qabul qiladi. Bunday asoslar mavjud boʻlmagan holda, sud ajrimi (qarori)da ishning ularga doir qismi tekshirilganligi va ularga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari kuchida qoldirilganligi koʻrsatilmaydi.