JPK 484-moddasida sud qarorlari bekor qilinishi va oʻzgartirilishi uchun umumiy asoslar belgilangan boʻlib, nazorat instansiyasi sudi, ishning muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda, ularni u yoki bu tarzda qoʻllashi mumkin. Sud qarorlari quyidagi hollarda, oʻzgartirilishi shart, agar: surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud tergovi toʻliq boʻlmasa yoki bir yoqlama olib borilgan boʻlib, biroq yoʻl qoʻyilgan kam-koʻstlar toʻldirilganidan soʻng nazorat instansiyasi sudi jinoyat kvalifikatsiyasi oʻzgartirilishi zarurligi haqida xulosaga kelsa; hukmda, ajrimda, qarorda bayon qilingan sud xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq boʻlmay, biroq nazorat instansiyasi sudi mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmay turib, ularga tegishli baho bera olsa; ish boʻyicha jinoyat-protsessual qonuni normalari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan boʻlib, ularning nazorat instansiyasida bartaraf etilishi sud qarorlari oʻzgartirilishiga olib kelsa; sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi (bundan buyon matnda JK deb yuritiladi) normalari notoʻgʻri qoʻllanilgan boʻlib, biroq nazorat instansiyasi sudi bu xatoni mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmay turib tuzatishi mumkin boʻlsa; nazorat instansiyasi sudi tayinlangan jazoni yengillatish zarur deb hisoblasa. Nazorat instansiyasi sudida kamchiliklarni toʻldirish va protsessual qonun buzilishini bartaraf etish imkoniyati boʻlmasa, sud qarorlari barcha hollarda bekor qilinishi shart.