Nazorat instansiyasi sudi mahkumga nisbatan jazoni yengillatish masalasini hal qila turib, uni nafaqat kamaytirishi, balki yengilroq jazo turiga ham oʻtishi mumkin. Bunda yengilroq jazo muddati qonunda belgilangan doirada yengillashtirilayotgan jazo muddatidan oshishi mumkin (JK 61-moddasida nazarda tutilgan hisoblash qoidalari inobatga olingan holda). Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga nisbatan qoʻllanilgan shartli hukm oʻrniga sud jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari yoki xizmat boʻyicha cheklash jazosi tayinlashga haqli. Asosiy jazo yengillashtirilganda, shu jumladan JK 57-moddasi qoʻllanilganda ham nazorat instansiyasi sudi qoʻshimcha jazoni oʻzgarishsiz qoldirishi mumkin.