Nazorat instansiyasi sudi hukm va keyingi sud qarorlari oʻzgartirilib, bir yoki bir necha jinoyat uchun jazo yengillashtirilganda, jinoyatlar majmui boʻyicha hukmda qoʻllanilgan qoplash qoidasi oʻrniga jazoni qoʻshish qoidasini qoʻllashga haqli. Biroq, bunda JK 59-moddasiga muvofiq tayinlangan jazo hukmda belgilangan jazo miqdoridan (keyingi sud instansiyalari tomonidan kiritilgan oʻzgartirishlarni inobatga olgan holda) oshmasligi lozim. Agar sud tomonidan bir necha hukm boʻyicha jazo belgilashda bir jazoni boshqasi bilan qoplash qoidasi qonunga xilof tarzda qoʻllanilgan boʻlsa yoki oʻtalmagan jazo muddatini qoʻshish imkoniyati boʻlmasa, nazorat instansiyasi sudi oxirgi hukm boʻyicha jazoni yengillashtirganda oldingi hukm boʻyicha oʻtalmagan jazoni qisman yoki toʻliq qoʻshishga haqli. Bunda uzil-kesil jazo hukmda belgilangan jazo miqdoridan (keyingi sud instansiyalari tomonidan kiritilgan oʻzgartirishlarni inobatga olgan holda) oshmasligi lozim.