Agar amnistiya akti sud tomonidan qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan mahkumga nisbatan qoʻllanilgan boʻlsa, nazorat instansiyasi sudi jabrlanuvchining shikoyati yoki protest boʻlgan taqdirda, sud qarorlarining jazo tayinlash qismini bekor qilib, ishni apellatsiya yoki kassatsiya tartibida yangidan koʻrish uchun yuborishi lozim. Biroq, agar nazorat instansiyasi amnistiya akti qoʻllanilgan holda hukm (ajrim, qaror)da tayinlangan jazo amnistiya akti qoʻllanilmagan holda ham mahkum uchun yetarli deb topsa, ishni apellatsiya yoki kassatsiya tartibida yangidan koʻrish uchun yubormasdan, hukm (ajrim, qaror)ni oʻzgartirishga — undan amnistiya aktini qoʻllash haqidagi xulosa va qarorni chiqarib, amnistiya akti qoʻllanilgan holda tayinlangan jazoni qoldirishga haqli.