Qonunda shikoyat (protest) berish uchun biron-bir muddat belgilanmagan. Shu bilan birga, JPK 513-moddasi mazmuniga koʻra, hukm (ajrim) qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir yil oʻtgandan soʻng berilgan shikoyat (protest), basharti unda ogʻirroq jinoyatga doir qonun moddalarini qoʻllash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki mahkumning ahvolini ogʻirlashtiradigan boshqa oʻzgarishlarga (masalan, mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topish, jazoni ijro etish koloniyasining qattiqroq turini belgilash, shartli hukmni bekor qilish, mulkiy ziyon miqdorini koʻpaytirish, basharti bu jinoyat kvalifikatsiyasi yoki ayblov mazmuni mahkumning ahvolini ogʻirlashtiruvchi tomonga oʻzgarishiga olib kelsa va h.k.), shuningdek oqlov hukmini yoxud sudning ishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilish nazarda tutilgan boʻlsa, nazorat instansiyasi sudi tomonidan koʻrilishi mumkin emas. Bunda bir yillik muddat birinchi instansiya sudining tegishli hukmi, ajrimi yoki qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab, nazorat instansiyasi sudi tomonidan qaror qabul qilingan kun qoʻshilgan holda hisoblanishi kerak. Agar shikoyat (protest) bir yillik muddat oʻtgunga qadar berilgan boʻlib, mazkur muddat ish boʻyicha qaror qabul qilingunga qadar oʻtib ketsa, uni hal etish bosqichidan kelib chiqib, koʻrilmasdan yoki qanoatlantirilmasdan qoldiriladi va bu haqda shikoyat (protest) bergan shaxsga maʼlum qilinadi.