Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, sud qarorini nazorat tartibida qayta koʻrib chiqishga faqat ish materiallaridan kelib chiqadigan asoslar mavjud boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi. Agar sud qarorining qonuniyligi va asosliligi xususidagi shubhalar sudga maʼlum boʻlmagan va tegishli hukm, ajrim yoki qaror qonuniy kuchga kirgandan soʻng aniqlangan holatlar bilan bogʻliq boʻlsa, bunday sud qarorini qayta koʻrib chiqish masalasi faqat yangi ochilgan holatlar boʻyicha ish yuritish tartibida hal etilishi mumkin. Agar bunday hollarda nazorat tartibida protest bildirilgan boʻlsa, nazorat instansiyasi sudi uni koʻrmasdan qoldiradi va ishni barcha materiallar bilan birga prokurorga yangi ochilgan holat boʻyicha ish yuritishni qoʻzgʻatish uchun yuboradi (JPK 522-moddasi ).