Jinoyat ishlarini nazorat tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 44-band. Nazorat instansiyasining ajrimi (qarori) aniq, batafsil, yuridik jihatdan asoslantirilgan…

Nazorat instansiyasining ajrimi (qarori) aniq, batafsil, yuridik jihatdan asoslantirilgan boʻlishi va unda birinchi, apellatsiya (kassatsiya), nazorat instansiyalarining ayb hajmi va isbotlanganligi, jinoyat kvalifikatsiyasi, hukm boʻyicha tayinlangan jazoning adolatliligi xususidagi qarorlari toʻgʻriligi yoki xatoligiga doir xulosalar bayon etilishi shart. JPK 496-moddasiga muvofiq ajrim (qaror)da hukmning qaror qismi mazmuni bilan bir qatorda protest mohiyati, prokuror fikrining va ishda ishtirok etuvchi shaxslar tushuntirishlarining qisqacha bayoni, nazorat instansiyasi sudining shikoyat (protest) vajlari asosliligi toʻgʻrisidagi xulosasi, qabul qilingan qarorning sabablari moddiy yoki protsessual qonunga havola etilgan tarzda koʻrsatilishi lozim. Sud qarorlari bekor qilinib, ish apellatsiya yoki kassatsiya tartibida yangidan koʻrish uchun yuborilganda, ajrim (qaror)da qaysi holatlar qoʻshimcha tarzda aniqlanishi lozimligini sud aniq koʻrsatishi shart. Nazorat instansiyasi sudining ajrimi (qarori) u eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijroga qaratilishi shart.