Surishtiruv, dastlabki tergov organlarining eʼtibori shunga qaratilsinki, jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyon qoplanishini taʼminlashning muhim huquqiy mexanizmi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, fuqaroviy javobgarning mol-mulkini JPK 290-moddasiga muvofiq tezkorlik bilan xatlash hisoblanadi. JPK 290-moddasi mazmuniga koʻra, gumonlanuvchi va ayblanuvchiga tegishli, uchinchi shaxslarda boʻlgan mol-mulkka ham, basharti ish boʻyicha ish yuritish davomida ushbu mulk amalda gumonlanuvchi yoki ayblanuvchiga tegishli deb hisoblashga yetarli asoslar boʻlsa, taqiq solinishi mumkin. Bunda har bir muayyan holda xatlanayotgan mol-mulk JPK 293-moddasi talablariga rioya etilgan tarzda mutaxassis yoki baholovchi tashkilot jalb etilgan holda baholanishi va bayonnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim. Hukmning mulkiy ziyonni qoplashga oid qismi ijrosi samaradorligini oshirish maqsadida surishtiruv, dastlabki tergov organlari, shuningdek, JPK 280-moddasiga rioya etgan holda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, fuqaroviy javobgarning muayyan harakatlarni amalga oshirishini taqiqlash kabi FPK 106-moddasida nazarda tutilgan choralarni qoʻllashni amaliyotga kiritishlari lozim.