Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, maʼmuriy organning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan alohida boʻlinmasi yoki mansabdor shaxsga nisbatan talab qoʻyilganda, sud MSIYUtK 42-moddasi qoidalariga rioya qilgan holda, ish boʻyicha javobgar sifatida tegishli organni jalb etish toʻgʻrisidagi masalani hal qilishi kerak. Sudga maxsus komissiyaning qarori ustidan shikoyat qilinganida, ish boʻyicha javobgar sifatida maxsus komissiyaning ishchi organi boʻlgan davlat organi jalb etilishi lozim. Agar ish hal qilingunga qadar maʼmuriy organ qayta tashkil etilgan yoxud tugatilgan boʻlsa, sud uning huquqiy vorisini yoki arizachining buzilgan huquqlari va erkinliklarini tiklash vakolatiga ega boʻlgan organni ishda ishtirok etishga jalb qiladi. Agar ish koʻrib chiqilayotgan vaqtga kelib qarori yoki harakatlari (harakatsizligi) shikoyat qilinayotgan shaxs mansabdor shaxs boʻlmay qolgan boʻlsa, sud ushbu mansabni egallab turgan shaxsni yoxud arizachining buzilgan huquqlar va erkinliklarini tiklash vakolatiga ega tegishli organni ishda ishtirok etish uchun jalb etish masalasini hal qiladi.