MSIYUtK 189-moddasiga muvofiq, sud nizolashilayotgan qaror, harakat (harakatsizlik) qonunchilikka zid ekanligini va arizachining huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzayotganligini aniqlasa, maʼmuriy organ, uning mansabdor shaxsi qarorini toʻliq yoki muayyan qismini haqiqiy emas, harakatini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Arizani (shikoyatni) qanoatlantirish haqida qaror qabul qilishda, sud arz qilingan talablar doirasidan chetga chiqishga xaqli emas. Masalan, yozma murojaatni mansabdor shaxs tomonidan belgilangan muddatda koʻrilmaganligida ifodalangan harakatsizlik ustidan shikoyat qilinganda, sud mazkur mansabdor shaxsning harakatsizligini qonunga xilof deb topishi va qanday qaror qabul qilinishi kerakligi haqidagi masalani oldindan hal etmasdan, unga sud tomonidan belgilangan muddatda arizachining murojaatini koʻrib chiqish majburiyatini yuklashi lozim.