Qoidalarning 27-bandiga muvofiq, vafot etgan boquvchining qaramogʻida boʻlgan va boquvchining vafoti tufayli zarar toʻlovini olish huquqiga ega boʻlgan mehnatga layoqatsiz fuqarolar uchun zarar miqdori vafot etgan shaxsning oʻrtacha oylik ish haqi miqdoridan uning oʻziga va qaramogʻidagi mehnatga layoqatli, ammo zarar toʻlovini olish huquqiga ega boʻlmagan fuqarolarga toʻgʻri keladigan ulushni chegirib tashlagan holda belgilanadi. Zarar toʻlovini olish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning har biriga beriladigan zarar toʻlovlari miqdorini aniqlash uchun boquvchi ish haqining koʻrsatib oʻtilgan fuqarolarning hammasiga toʻgʻri keladigan ulushi ularning soniga taqsimlanadi. Boquvchini yoʻqotganlik tufayli zarar toʻlovini olish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar uchun ularga boquvchi vafoti tufayli tayinlangan pensiya, shuningdek boshqa pensiyalar, ish haqi, stipendiyalar va boshqa daromadlar zarar toʻlovi hisobiga kiritilmaydi. Bunda qaramoqda boʻlgan har bir shaxs hisobiga beriladigan zarar toʻlovi miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ellik foizidan kam boʻlishi mumkin emas. Ota-onaning ikkalasi ham vafot etgan taqdirda, bolalarga toʻlanadigan zarar miqdori ota-onaning ikkalasining umumiy ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi.