Nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishga doir ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 15-band. Aybdorning harakatlarini JK 118-moddasi uchinchi qismi “b” bandi yoki 119-moddasi…

Aybdorning harakatlarini JK 118-moddasi uchinchi qismi “b” bandi yoki 119-moddasi uchinchi qismi “b” bandi bilan kvalifikatsiya qilishda sudlar Jinoyat kodeksining sakkizinchi boʻlimida bayon etilgan “yaqin qarindoshlar” tushunchasiga asoslanishlari, bunda mazkur tushunchani keng sharhlash mumkin emasligini, shuningdek sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilganda kelib chiqishini inobatga olishlari lozim. Bunda bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxslar deganda, muayyan xonadon yoki uyda er-xotinlik munosabatlarida yashovchi, umumiy mol-mulk va pul mablagʻlariga egalik qiluvchi erkak va ayol tushunishi lozim. 15¹. Sudlar aybdor shaxslarning harakatlarini JKning 118-moddasi 3-qismi “v” bandi va 119-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilishda, jabrlanuvchi kimning qaramogʻida boʻlganligiga alohida eʼtibor qaratishlari lozim. Jabrlanuvchini tarbiyalash va (yoki) unga gʻamxoʻrlik qilish majburiyatini bajarayotgan shaxs deganda, qonunchilikda belgilangan tartibda farzandlikka oluvchilar, vasiylar, homiylar tushuniladi. Jabrlanuvchiga qarab turish, oʻqitish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan taʼlim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasasi deganda esa, maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim va oʻrta-maxsus kasb-hunar taʼlimi, oliy taʼlim va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash tizimidagi hamda xususiy sektordagi (shu jumladan, xalq tabobati) davolash muassasalari xodimlari tushuniladi.