Nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish jinoyati tegishli jinoyat tarkibining obyektiv tomoni sifatida nazarda tutilgan jinsiy aloqa yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishga qaratilgan harakatlar boshlangan paytdan, ular tugatilganligidan va kelib chiqqan oqibatlardan qatʼiy nazar, tamom boʻlgan hisoblanadi. Shaxsning harakatlarida tamom boʻlgan jinoyat tarkibi yoki faqat jinoyatga suiqasd qilish alomatlari mavjudligi toʻgʻrisidagi masalani hal etishda, sudlar shaxs nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish maqsadida harakat qilgan-qilmaganligini, qoʻllanilgan zoʻrlik aybdorga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra amalga oshirilmay qolgan bunday maqsadga erishish vositasi boʻlgan-boʻlmaganligini aniqlashlari lozim. Zoʻrlik, tahdid qoʻllamagan yoki jabrlanuvchining ojiz ahvolidan foydalanmagan holda shilqimlik, aldash yoʻli bilan yoki shunga oʻxshash boshqa usul bilan jabrlanuvchini jinsiy aloqa qilishga yoki jinsiy ehtiyojini gʻayritabiiy usulda qondirishga koʻndirgan shaxsning harakatlari JK 118-moddasi yoki 119-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas.