Odam savdosiga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 14-band. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, odam savdosi jinoyati odamlarni kuch bilan…

Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, odam savdosi jinoyati odamlarni kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, aldash yoʻli bilan sodir etilganda, shuningdek, qilmish JK 135-moddasi ikkinchi qismining “j”, “z”, “i”, “k” bandlari, uchinchi qismining “b” bandi bilan kvalifikatsiya qilinganda, qilmishni Jinoyat kodeksining mazkur jinoyatlar uchun javobgarlik belgilovchi moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishga, faqat qonunning boshqa normasida JK 135-moddasi tegishli qismi sanksiyasida belgilangan jazodan ogʻirroq jazo belgilangan hollardagina yoʻl qoʻyiladi. Misol uchun, agar odam savdosida shaxs badaniga qasddan ogʻir shikast yetkazilgan boʻlsa, qilmish JK 135-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi bilan qamrab olinmaydi. Bunday hollarda aybdorning harakatlari JK 104-moddasining tegishli qismi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishi lozim. 14¹. Sudlar odam savdosiga oid jinoyat ishlarini koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni 29-moddasiga muvofiq, jinoyat sodir etilishida aybdor deb topilgan shaxslardan odam savdosidan jabrlanganlarning taʼminoti va ularni reabilitatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarni aniqlab, ularni undirish choralarini koʻrishi, shuningdek, dastlabki tergov jarayonida yetkazilgan moddiy zararlarni qoplanish choralari taʼminlanganligiga eʼtibor qaratishlari lozim.