Odam savdosiga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 5-band. Odamlardan foydalanish (ekspluatatsiya qilish) boshqa shaxslarning fohishaligidan…

Odamlardan foydalanish (ekspluatatsiya qilish) boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanish (ekspluatatsiya qilish)ning oʻzga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka oʻxshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olishni anglatadi. Boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanish deganda, odamdan uning haq evaziga nomuayyan doiradagi jinsiy sheriklar bilan shahvoniy munosabatlarga kirishishidan muttasil foydalanish tushuniladi. Boshqa koʻrinishdagi shahvoniy ekspluatatsiya deganda, odamning undan pornografik tasvirlar tayyorlash, buzuq harakatlar sodir etish va h.k. maqsadlarda foydalanish uchun berilishi tushuniladi. Bunda sudlar, odam savdosi jinoyatini boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash jinoyatidan farqlash uchun aybdorning qasdi nimaga qaratilganligini, uning oʻz harakatlari oqibati, yaʼni shaxsning erkinligi cheklanishiga nisbatan subyektiv munosabatini inobatga olishlari lozim. Boshqa shaxsni fohishaligidan foydalanish maqsadida yollaganda, tashiganda, topshirganda, yashirganda yoki qabul qilganda aybdor odamni ekspluatatsiya qilish niyatida harakat qiladi, fohishalik bilan shugʻullanishga jalb qilish tariqasidagi qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash hollarida esa, aybdor tamagirlikdan boshqa maqsadni koʻzlamaydi. Bunda, fohishalik bilan shugʻullanishga yoki boshqa koʻrinishdagi shahvoniy foydalanishning oʻzga shakllari uchun jalb qilingan shaxs oʻzining shaxsiy huquq va erkinliklariga nisbatan barcha huquqlarini saqlab qoladi va ulardan foydalanishda toʻla mustaqil boʻladi. Aybdorning odamni ekspluatatsiya qilish niyatida harakat qilganligi toʻgʻrisidagi masalani hal etishda qilmishning barcha holatlari majmuidan kelib chiqilishi, xususan, shaxsning erkinligi cheklanganligi, jabrlanuvchi uchun noqulay sharoitga solinib, boshqalarga qaram holatda saqlanganligi, fohi