Tushuntirilsinki, Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi formal boʻlib, jinoyat odamni olish-sotish bitimi tuzilgan paytdan yoki qonunning mazkur moddasida koʻrsatilgan boshqa qilmish sodir etilgan paytdan tugallangan hisoblanadi. Shu bilan birga, qilmishda ayrim kvalifikatsiya belgilari mavjud boʻlganda jinoyatni tugallangan deb topish uchun qonunda belgilangan oqibatlar (masalan, jabrlanuvchining oʻlimi yoki boshqa ogʻir oqibatlar) kelib chiqqan boʻlishi kerak. Shuni inobatga olish lozimki, ayrim hollarda jinoyatning tugallanish payti ekspluatatsiya tugagan (masalan, jabrlanuvchi qochib ketgan, jinoyatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan barham berilgan, jabrlanuvchi aybdorning oʻzi yoki boshqa shaxslar tomonidan ozod qilingan va h.k.) vaqt bilan bogʻliq boʻladi.