Odam savdosiga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 8-band. Sudlarga tushuntirilsinki, Jinoyat kodeksining 135-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi bilan…

Sudlarga tushuntirilsinki, Jinoyat kodeksining 135-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi bilan jabrlanuvchini oʻgʻirlash, zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qoʻllash bilan bogʻliq tarzda sodir etilgan odam savdosi kvalifikatsiya qilinadi. Oʻgʻirlash deganda, odamni qonunga xilof ravishda, yashirin yoki oshkora qoʻlga kiritish va uning erkiga xilof ravishda uni olish-sotish yoki ekspluatatsiya qilish maqsadida boshqa joyga olib ketish tushunilishi lozim. Zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish deganda, bogʻlash, ozodlikdan mahrum etish, urish-doʻpposlash, ushlab turishdan boshlab, jabrlanuvchining sogʻligʻiga yengil yoki oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish, shuningdek, jabrlanuvchining sogʻligʻiga ziyon yetkazmagan boʻlsada, biroq qoʻllanilgan paytda bunday ziyon yetkazishga real imkoniyat tugʻdirgan zoʻrlikkacha boʻlgan har qanday majburlash tushunilishi lozim. Boshqa shakldagi majburlash deganda, jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilarining mulkiga shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud shikast yetkazish yoki nobud qilish bilan tahdid qilish, jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilari obroʻsini toʻkadigan maʼlumotlarni yoki ularning huquqlari yoki qonuniy manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlarni tarqatish yoxud jabrlanuvchini aybdorning u yoki bu koʻrsatmalarini bajarishga majbur etadigan vaziyatni vujudga keltiradigan har qanday harakatlarni amalga oshirish tushunilishi kerak.