Qonun 32-moddasining 1-qismini qoʻllashda sudlar qarzdorning haqiqatda tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini toʻlashdan bosh tortganligi holatlarini (jumladan, toʻlash imkoniyati boʻla turib, toʻlovni amalga oshirmaganligi, qarzini tan olmaganligi, kreditorlik-debitorlik qarzlari haqida solishtirish dalolatnomalari tuzishdan boʻyin tovlaganligi, oʻzini ataylab toʻlovga qobiliyatsiz qilib koʻrsatganligi va h.k) dalillar asosida aniqlashi lozim. Agar qarzdorning tovar (ishlar, xizmatlar) haqini toʻlash uchun iqtisodiy imkoni boʻlmasa, lekin u qarzni tan olib, uni toʻlashga harakat qilayotgan boʻlsa, sudlar uning xatti-harakatlarini toʻlovdan bosh tortish, deb baholamasliklari zarur. Qarzdorning tovar (ishlar, xizmatlar) haqini toʻlashdan bosh tortganligi isbotlangan hollarda sudlar u toʻlashdan bosh tortgan summaning 15 foizi miqdorida jarima undirishga haqli boʻladi. Qonun 32-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan penya ishlar va xizmatlar haqini oʻz vaqtida toʻlamaganlik hollarida ham qoʻllaniladi. Penyaning miqdori shartnoma bahosiga emas, balki bajarilmagan majburiyatlar qismi (toʻlanmagan yoki kechiktirilgan toʻlov summasi, bajarilmagan ishlar, xizmatlar summasi)ga nisbatan foiz miqdorida hisoblanadi.