Aybdor, jabrlanuvchi va boshqalarning koʻz oldida oʻzganing mulkini egallab olayotganligini va ular uning harakatlarining jinoiy xususiyatini tushunganligini anglaganda, oʻzganing mulkini oshkora talon-toroj qilish talonchilik hisoblanadi. Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan qilmishni tavsiflashda quyidagilarni eʼtiborga olish lozim: zoʻrlik ishlatib talonchilik qilish nafaqat hayot yoki sogʻliq uchun xavfli boʻlmagan aniq zoʻrlik ishlatilganda, balki shunday zoʻrlikni koʻllash bilan qoʻrqitganda ham, mavjud boʻladi; zoʻrlik yoki uni qoʻllash bilan qoʻrqitish mulk ixtiyorida, tasarrufida yoki qoʻriqlovida boʻlgan shaxsga nisbatan, shuningdek, oʻzganing mulkini ochiqdan-ochiq egalik qilishga qarshilik qiluvchi shaxslarga nisbatan ham qarshi yoʻnaltirilgan boʻlishi mumkin; hayoti yoki sogʻliq uchun xavfli boʻlmagan zoʻrlik deganda, yengil tan jarohati yetkazishni tushunish lozim. Bunday zoʻrlik jabrlanuvchiga jismoniy azob beruvchi yoki uning erkinligini cheklab qoʻyuvchi harakatlarda ifodalanishi mumkin.