Nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda qasddan odam oʻldirish deganda, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar sodir etish jarayonida jabrlanuvchini hayotdan mahrum etish tushunilmogʻi lozim. Bunda ikkita mustaqil jinoyat sodir etilishini inobatga olib, qilmish JK 97-moddasi ikkinchi qismining “z” bandi hamda, ishning muayyan holatlariga qarab, Jinoyat kodeksi 118 yoki 119-moddasining tegishli qismlari bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak. Nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish jinoyati sodir etilgandan keyin ushbu jinoyatni yashirish maqsadida jabrlanuvchini qasddan oʻldirish JK 118 yoki 119-moddasida hamda 97-moddasi ikkinchi qismining “o” bandida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi.