Qasddan odam oʻldirishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 4-band. Qasddan odam oʻldirish jinoyatini jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan badanga…

Qasddan odam oʻldirish jinoyatini jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish jinoyatidan farqlash uchun aybdorning qasdi nimaga qaratilganligini, uning oʻz harakatlari oqibati, yaʼni jabrlanuvchining oʻlimiga nisbatan subyektiv munosabatini inobatga olish darkor. Qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etayotganda aybdor shaxsni hayotdan mahrum qilish niyatida harakat qiladi, badanga ogʻir shikast yetkazish shaxsning oʻlimiga sabab boʻlgan hollarda esa, oʻlimga nisbatan uning aybi ehtiyotsizlik shaklida ifodalanadi. Aybdorning qasdi nimaga qaratilganligi toʻgʻrisidagi masalani hal etishda qilmishning barcha holatlari majmuidan kelib chiqilishi, xususan, jinoyatni sodir etish usuli va quroli, tan jarohatlari soni, xususiyati va oʻrni (masalan, odam hayoti uchun muhim aʼzolarning jarohatlanganligi), jinoiy harakatlar toʻxtashi sabablari, shuningdek, aybdor va jabrlanuvchining jinoyat sodir etilgunga qadar boʻlgan feʼl-atvori, oʻzaro munosabatlari, aybdorning jinoyat sodir etilgandan keyingi harakatlari xususiyati eʼtiborga olinishi lozim.