Ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan oʻldirish, agar aybdorning harakatlari yagona qasd bilan qamrab olingan va, odatda, bir vaqtning oʻzida sodir etilgan boʻlsa, JK 97-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak. Ikki yoki undan ortiq shaxsni oʻldirishga nisbatan qasd mavjud boʻlganda jabrlanuvchilardan faqat bittasi oʻlib, boshqalari aybdorga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra oʻlmay qolgan boʻlsa, qilmishni JK 97-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi bilan ikki yoki undan ortiq shaxsni oʻldirish tariqasida kvalifikatsiya qilib boʻlmaydi. Bunday hollarda, aybdorning harakatlari JK 25 , 97-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi va 97-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak. Ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan oʻldirish, garchi bu jinoiy harakatlar bir vaqtning oʻzida sodir etilgan boʻlsa-da, lekin aybdorning yagona qasdi bilan qamrab olinmagan boʻlsa, qilmish takroran qasddan odam oʻldirish tariqasida JK 97-moddasi ikkinchi qismining “r” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi.