Shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan qasddan oʻldirish jinoyati JK 97-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Yaqin qarindoshlar deganda, qarindosh yoki quda tomonidan qarindosh boʻlgan shaxslar, yaʼni ota-ona, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillari tushuniladi. Xizmat burchini bajarish deganda, shaxsning oʻz xizmat (mehnat) vazifalari doirasiga kiradigan harakatlari, fuqarolik burchini bajarish deganda esa, fuqaro tomonidan uning zimmasiga qonun bilan maxsus yuklatilgan majburiyatlarning amalga oshirilishi, shuningdek, boshqa ijtimoiy foydali harakatlar sodir etilishi (huquqbuzarlikning oldini olganligi, sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyat toʻgʻrisida yoxud qidirilayotgan shaxs turgan joy haqida hokimiyat organlariga xabar berganligi, guvoh yoki jabrlanuvchi sifatida shaxsning jinoyat sodir etganligini fosh etuvchi koʻrsatuvlar berganligi va h.k.) tushunilmogʻi lozim. Xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakiliga yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish bilan bogʻliq holda uni qasddan oʻldirish JK 219-moddasining tegishli qismida hamda 97-moddasi ikkinchi qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi.