Qonunga xilof ravishda qurolga egalik qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida 13-band. Sudlar oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi…

Sudlar oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda respublika hududiga olib kirishda aybli boʻlgan shaxslarga, oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini oʻtkazish maqsadida sotib oluvchi va tayyorlovchilarga, shuningdek ularni oʻtkazuvchilarga, ularni hokimiyat vakillari yoki harbiy xizmatchilarning saqlash joylaridan talon-toroj etuvchilarga, ogʻir jinoyatlar sodir etishda quroldan foydalanuvchilarga qattiq jazo choralari qoʻllanilishini taʼminlashlari shart. Shu bilan birga sudlar oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini saqlash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda ushbu jinoyat tarkibining faqat rasmiy alomatlaridan, yaʼni saqlash faktining oʻzidangina kelib chiqmasliklari lozim. Bunda oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini saqlayotgan shaxsning harakatlari Jinoyat kodeksining 248-moddasida nazarda tutilgan qilmishga toʻgʻri kelsa-da, ammo kam ahamiyatliligi sababli ijtimoiy xavfli boʻlmasa, bunday harakat Jinoyat kodeksining 36-moddasiga muvofiq jinoyat hisoblanmaydi.