Qisman reabilitatsiya etilgan ayblanuvchi yoki mahkum unga faqat asossiz yetkazilgan hajmdagi mulkiy zararni qoplanishini va maʼnaviy ziyonning oqibatlarini bartaraf etilishini talab qilishga haqli boʻladi (JPK 303-moddasi ). Shaxs qisman reabilitatsiya etilganda, unga tayinlangan jazodan ortiq muddat qamoqda, uy qamogʻida saqlangan, ozodlikdan mahrum qilish yoxud ozodlikni cheklash jazosini oʻtagan qismlari asossiz deb topiladi, zarar qoplangani munosabati bilan ozodlikdan mahrum qilish yoxud ozodlikni cheklash tariqasidagi jazolarni oʻzgartirish holatlari bundan mustasno. Jinoiy jazo tayinlamasdan hukm chiqarilgan hollarda ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamogʻining, tibbiy muassasaga joylashtirishning asossizligi aniqlanganda, shaxsni ushlab turish, qamoqda yoki uy qamogʻi, yoxud tibbiy muassasaga joylashtirilib saqlangan butun muddati asossiz deb eʼtirof etiladi.